Sifatsiz dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olindi

05.04.2024 1071

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida faoliyat yurituvchi “K-B.” MCHJga qarashli dorixonada, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xulosasiga ko'ra, muvofiqlik sertifikati bo‘lmagan 87 turdagi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tmagan 66 turdagi umumiy bahosi 310 mln so‘mlik 19 350 dona dori vositalarini sotish uchun saqlab kelinganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, Departamentning Namangan viloyat boshqarma tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “G.Ph.” MCHJning Namangan shahridagi dorixonasi mudiri G.X. fuqaro A.S.ga 40 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini shifokor retseptisiz 645 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan sotish uchun saqlab qo‘yilgan 4 turdagi jami 204 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shu kabi, Departamentning Norin tuman bo‘lim tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “B.S.” MCHJ dorixonasi sotuvchisi G.A. fuqaro M.X.ga 63 dona “Gabaten” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini shifokor retseptisiz 252 ming so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati